Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan huquqiy targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi asosiy hujjatdir. Mazkur qomusimizning 33 yilligi munosabati bilan institutda Namangan viloyati adliya boshqarmasi va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi doirasida talabalar uchun keng qamrovli huquqiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Namangan viloyati adliya boshqarmasi vakili Jo‘raboyev Foziljon Axmadjonovich, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchisi Otamirzayev Oybek Muradullayevich hamda TDYuUning faol volontyor talabalari ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida Konstitutsiyaning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi asosiy kafolatlar, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmuni hamda yoshlarning huquqiy faolligini kuchaytirish masalalari atroflicha yoritildi.
Mutaxassislar talabalarning savollariga javob berib, huquqiy savodxonlik va qonunga hurmatning kundalik hayotdagi ahamiyatini misollar orqali tushuntirdilar.
“Huquqiy ongli yosh — taraqqiyotning bosh omili. Sizlarning har biringiz Konstitutsiyaga hurmat va sadoqat bilan yashasangiz, jamiyatda qonun ustuvorligi yanada mustahkamlanadi”,
— ta’kidlandi tadbir davomida.
Yakunda volontyorlar huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan targ‘ibot chiqishlarini taqdim etdilar. Uchrashuv institutsional hamkorlikning samarali namunasi sifatida talaba-yoshlarda konstitutsiyaviy qadriyatlarga hurmat va mas’uliyat hissini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.