Iste’molchi huquqlari va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha professional seminar

Yangilik madaniy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamkorligida, “German Sparkassenstiftung” tashkiloti ishtirokida seminar o‘tkazildi. Tadbir Aksilkorrupsiya oyligi doirasida va 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etildi.

Tadbirda I.Xabubullaev – Qo‘mita bosh mutaxassisi, A.Tojiboev – Namangan viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, X.Mirzaboev – Namangan viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim mutaxassisi ishtirok etdi. Shuningdek, institutning talaba yoshlari va professor-o‘qituvchilari seminar faoliyatida qatnashdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun, moliyaviy xizmatlardan foydalanishda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, hududiy boshqarma tomonidan olib borilayotgan nazorat xaridlari, tovar va xizmatlar sifatini tekshirish, moliyaviy savodxonlik, bank xizmatlaridan ongli foydalanish, kommunal xizmatlar va ularning huquqlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi profilaktika va amaliy chora-tadbirlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Seminar ko‘tarinki ruh va ochiq fikr almashish yo‘li bilan o‘tkazilib, talabalar o‘z bilim va tushunchalarini amaliyotda qo‘llashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.