NAMANGAN VILOYATI FVB: "MA'NAVIY YUKSALISH VA VATANPARVARLIK KUNI"

Yangilik madaniy

Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda navbatdagi “Ma’rifat soati” o‘tkazildi. Tadbir xodimlarning ma’naviy saviyasini yuksaltirish, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash hamda jamiyatdagi islohotlarni chuqur anglashlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. 

Uchrashuvning asosiy mavzusi “Yangi O‘zbekiston – 2030 strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish yo‘nalishlari” bo‘lib, ma’ruzada mamlakatimiz rivojining ustuvor yo‘nalishlari, strategiyada belgilangan asosiy maqsadlar va ularning hayotimizdagi o‘rni keng yoritildi. Davlat boshqaruvida shaffoflik va ochiqlikni kuchaytirish, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish kabi masalalar batafsil muhokama qilindi. Ma’ruzachi sifatida tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, Namangan davlat chet tillari instituti katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Xo‘jamov Muzaffar ishtirok etdi. U o‘z chiqishida strategiyada belgilangan davlat tamoyillari, jamiyat rivoji uchun yangi vazifalar, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi tizimli islohotlar va zamonaviy yoshlar salohiyatini oshirish yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi. Tadbirdan so‘ng xodimlar uchun “Siyosiy-ma’rifat soati” videoroligi namoyish qilindi. Unda mamlakatimizdagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy yangilanishlar, xalqaro maydondagi o‘zgarishlar hamda global jarayonlarning mintaqaviy barqarorlikka ta’siri haqida dolzarb ma’lumotlar taqdim etildi. 

Shu bilan birga, 1-dekabr – Butunjahon OIV/OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, Boshqarma tibbiyot xizmati boshlig‘i, tibbiy xizmat kapitani Tursunqulov Farxod Xonimqulovich kasallikning kelib chiqish omillari, yuqish yo‘llari, erta aniqlash va profilaktika choralarini batafsil tushuntirdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar savollar berib, mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar olindi. Uchrashuv xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash va kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qildi. Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hududiy Favqulodda vaziyatlar bo‘limlarida ham muntazam tashkil etilib, xodimlarning ma’naviy barkamolligi va Vatanga sadoqat tuyg‘usini oshirishga xizmat qilmoqda.