Yurtga sadoqat yo‘lida: talabalar harbiy hayot bilan tanishdi

Yangilik ilmiy

Vatanparvarlik – yosh avlod tarbiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir
Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarda milliy g‘urur, fuqarolik mas’uliyati va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirish barchamiz oldida turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.

Shu bois Milliy gvardiya Namangan viloyati boshqarmasida Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Ushbu tadbir orqali yoshlar o‘z ko‘zlari bilan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan munosib sharoitlar, xizmat intizomi va harbiylarning yurt ravnaqi yo‘lidagi fidokorona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Dastur davomida: talabalar zamonaviy harbiy texnika va jihozlar, jangovar qurollar va ularning qo‘llanilishi bo‘yicha amaliy ko‘rgazmalarni kuzatdilar, jang maydonida birinchi yordam ko‘rsatish tartiblari bo‘yicha saboqlar oldilar. Harbiy xizmatchilar tomonidan berilgan tushuntirish va ko‘rsatmalar ularda muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.

Tashrif davomida yoshlarimiz harbiylar zimmasidagi ulkan mas’uliyat, qat’iyat, intizom va matonatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ularga bo‘lgan hurmat va ehtirom tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi. Tadbir nafaqat tashrif, balki rag‘batlantiruvchi, o‘ylantiruvchi va ilhomlantiruvchi taassurotlar bag‘ishladi.

Bu kabi loyihalar yosh avlod qalbida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish esa eng sharafli burch” degan tamoyilni chuqur singdirib, ularni harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutadi.