Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida tong ilk nur taralishi bilan talabalarga quvonch va motivatsiya ulashuvchi “Pozitiv tong” kutib olish tadbiri boshlandi. Institut psixologi L.Abdug’apporova tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu tashabbus talaba-yoshlarning ruhiy holatini qo‘llab-quvvatlash, ijobiy kayfiyat uyg‘otish va samarali o‘quv kuniga yo‘l ochishga qaratildi.
Institutning kirish maydoni bayramona tarzda bezatilib, ertalabdan boshlab talabalarga psixologik ko‘tarinkilik beruvchi qiziqarli mashg‘ulotlar taqdim etildi. “Ranglarni top”, “Raqamlarni ter”, “Kim epchil — kim chaqqon?” kabi o‘yinlar orqali diqqatni boshqarish, tezkor fikrlash, aqliy faollik va jamoaviy hamkorlik kabi ko‘nikmalarni mustahkamlashga alohida urg‘u berildi.
Ishonch va ijobiy energiya bag‘ishlovchi mini-treninglar, psixolog tomonidan berilgan qisqa, ammo hayotiy motivatsion tavsiyalar talabalarni kunni maqsadga yo‘naltirilgan, iymonli va ishonchli tarzda boshlashga chorlab, ularning yuzida samimiy tabassum, qalbida esa ishtiyoq uyg‘otdi. Tadbir davomida talabalar faol ishtirok etib, o‘zaro iliq muloqotda bo‘lishdi, yaxshi kayfiyat bilan darslarga chorlanishdi va o‘qishga bo‘lgan rag‘batlarini yanada mustahkamlashdi. Yakunda talabalarning bildirgan fikr-mulohazalari bunday ijtimoiy-psixologik tadbirlar institutga bo‘lgan mehrni oshirishi, ular o‘zlarini bu maskanda qadrlangan va qo‘llab-quvvatlangan holda his qilishlariga xizmat qilishi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shubhasiz, har tong — yangi imkoniyat. Eng muhimi, uni quvonch bilan kutib olish va ishonch bilan qarshi olishdir!