Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida Davlatobod tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i O.Xo‘jaqulov va institut birinchi prorektori ishtirokida "Rahbar va yoshlar uchrashuvi" tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 8-martdagi “Ichki ishlar organlari hududiy bo‘linmalari rahbarlarini oliy ta’lim tashkilotlariga biriktirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 15/11-sonli qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi.
Uchrashuvda talabalarga amaldagi qonunlar, ularning huquq va majburiyatlari, ichki ishlar organlarining vazifalari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O.Xo‘jaqulov huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Birinchi prorektor X.Nishonov o‘z chiqishida yoshlarning huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirish, ularni ijtimoiy salbiy holatlardan himoya qilish, ta’lim muassasasida xavfsiz muhitni ta’minlash institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Tadbirda jinoyatchilik, bezorilik, firibgarlik, giyohvandlik, kiberjinoyatlar, yo‘l harakati xavfsizligi, internetdan foydalanish madaniyati hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi yoshlarning ongli ishtiroki masalalari keng yoritildi.
Uchrashuv natijasida talabalarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va ichki ishlar organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.