Art-terapiya seminar-trening

Yangilik ilmiy

 Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti psixologi L.Abdug’apporova Til va tarjima fakulteti talabalari bilan art-terapiya yo‘nalishida navbatdagi seminar-treningni o‘tkazdi.

Mazkur tadbir talabalarda ijodiy tafakkurni rivojlantirish, emotsional barqarorlikni mustahkamlash va o‘zini anglash jarayoniga ko‘mak berishni maqsad qilgan.

Seminar davomida “Do‘stingni ifodala” metodikasi qo‘llanilib, talabalar o‘z do‘st obrazini tasvirlash orqali insoniy munosabatlar, o‘zaro hurmat va empatiya kabi muhim psixologik jihatlarni chuqurroq anglashdi. Amaliy mashg‘ulot talabalar orasida jonli muloqot, ochiq fikr almashinuvi va ijodiy yondashuvni rag‘batlantirdi.

Ishtirokchilar yuqori kayfiyatda qatnashib, psixologga turli savollar bilan murojaat qilishdi. Seminar jarayonida nafaqat art-terapiyaning asosiy tamoyillari tushuntirildi, balki har bir talabaning emotsional holatini yaxshilashga xizmat qiluvchi kichik mashqlar ham bajarildi.

Tadbir yakunida talabalar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, bunday seminar-treninglar ularga ruhiy tetiklik, ijodiy ilhom va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishda katta yordam berayotganini ta’kidladilar.