Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutining Til va tarjima fakultetida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Mazkur uchrashuv talabalarda huquqiy ongni mustahkamlash, halollik madaniyatini yuksaltirish hamda korrupsion omillarga nisbatan murosasiz pozitsiyani shakllantirishni maqsad qilgan holda tashkil etildi.
Tadbirda Davlatobod tuman Adliya bo‘limining bosh yurist-konsuli T.Shokirov, institut profilaktika inspektori A.Ortiqov, Korrupsiyaga qarshi kurashish "Komplayens-nazorat" tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i A.Ikromov, fakultet tyutorlari hamda talabalar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mutaxassislar korrupsiyaning mohiyati hamda uning huquqiy va ijtimoiy oqibatlarini batafsil tahlil qilar ekanlar, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan konseptual islohotlar, oliy ta’lim muassasalarida ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillarini ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari hamda komplayens nazorat tizimining roli va funksiyalarini bir butun yondashuvda bayon etdilar; shuningdek, komplayens tizimlari orqali korrupsion risklarni aniqlash, baholash va oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar hamda ularning samaradorligi bo‘yicha aniq mexanizmlar va misollar keltirildi.
Mutaxassislar talabalar bilan ochiq va konstruktiv muloqot olib borib, ularning savollariga asosli javoblar berdilar. Shuningdek, korrupsiya holatlarini aniqlash, ularga duch kelganda to‘g‘ri huquqiy choralarni ko‘rish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham berildi.
Tadbir yakunida ma’ruzachilar yoshlarni qonun ustuvorligi, halollik, mas’uliyat va adolat tamoyillarini hayotiy mezon sifatida qabul qilib, har qanday vaziyatda prinsipial va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga qat’iy chorladilar. Ular ta’kidladiki, korrupsiyaga qarshi kurashish — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lish bilan birga, jamiyatning har bir a’zosi zimmasiga yuklangan bevosita mas’uliyatdir. Ayniqsa, yosh avlod ongida halollik, shaffoflik va huquqiy madaniyatni shakllantirish, korrupsion xatti-harakatlarga nisbatan mutlaqo murosasiz immunitet yaratish bugungi kunning strategik ahamiyatga ega vazifasi sifatida e’tirof etildi.
Namangan davlat