22-noyabr — Xalqaro psixologlar kuni!

Yangilik ilmiy

22-noyabr — Xalqaro psixologlar kuni!
Ushbu munosib sana munosabati bilan Buxoro shahrida Oliy ta’lim muassasalari psixologlari uchun “Zamonaviy psixolog: muammo va yechimlar” mavzusida yirik o‘quv-seminar bo‘lib o‘tmoqda.

Buxoro shahrida Oliy ta’lim muassasalari psixologlari uchun “Zamonaviy psixolog: muammo va yechimlar” mavzusida yirik o‘quv-seminar tashkil etildi. Ushbu seminar respublikaning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan psixologlar, ilmiy izlanuvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislarni bir platformada jamlab, zamonaviy psixologiyaning ustuvor yo‘nalishlari, innovatsion metodlar va ta’lim jarayonida uchraydigan dolzarb masalalarni muhokama qilishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda tajribali mutaxassislar qatorida Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti psixologi L.Abdug’apporova ham faol ishtirok etmoqda. Ma’ruzalar asosan, o‘quvchi va talabalar bilan ishlashda motivatsion texnologiyalarni qo‘llash, emotsional intellektni rivojlantirish hamda stressni boshqarish metodlariga bag‘ishlandi.

Seminar davomida o‘tkazilayotgan interaktiv mashg‘ulotlar, guruhiy treninglar va fikr almashish sessiyalari psixologlarning kasbiy kompetensiyasini yanada oshirish, o‘zaro tajriba almashish va yangi uslublarni amaliyotga joriy etish imkonini bermoqda.

Tadbir ilmiy-amaliy ahamiyati bilan bir qatorda, ishtirokchilarga ruhiy energiya, motivatsiya va yangi g‘oyalar bag‘ishlamoqda. Oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan psixologlar uchun bunday seminarlar kasbiy mahoratni rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish va zamonaviy psixologiya sohasidagi global tendensiyalarni chuqur anglashda muhim o‘rin tutadi.

Mazkur kunda psixologiya sohasi vakillarini kasbiy bayrami bilan tabriklaymiz. Sizlarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi mehnatingiz, ilmiy izlanishlaringiz va inson ruhiyatiga bo‘lgan e’tiboringiz jamiyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shadi.