🌳“YASHIL MAKON” — OBOD VA KO‘KALAMZOR YURT SARI MUHIM QADAM!
“Yangi O‘zbekiston bog‘i”da kuzgi ko‘chat ekish aksiyasi yuqori ko‘tarinkilik va hamjihatlik ruhida tashkil etildi.
Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish, atrof-muhit musaffoligini asrash hamda kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Namangan viloyatidagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da kuzgi ko‘chat ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
🔵Tadbirning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov so‘zga chiqib, mazkur ekologik tashabbusning hududlar obodonchiligi, ekologik muvozanatni saqlash va yashil maydonlarni kengaytirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, viloyat markazi bilan bir qatorda barcha tumanlarda ham kuzgi ko‘chat ekish aksiyasining bir vaqtda boshlanayotganini e’tirof etib, ishtirokchilarni ushbu ezgu tashabbus bilan tabrikladi hamda aksiyani rasman boshlab berdi.
Aksiyada Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti professor-o‘qituvchilari, xodimlari va faol talaba-yoshlari ham faol ishtirok etdilar. Ishtirokchilar tomonidan belgilangan hududlarga turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil hududlarni kengaytirish, tabiatni asrash va atrof-muhitni obodonlashtirishga munosib hissa qo‘shildi.
Mazkur tashabbus nafaqat hududlarning ekologik qiyofasini yaxshilash, balki yosh avlod qalbida tabiatga mehr, ekologik madaniyat, daxldorlik va Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Tyutor:A.Jurayev
Zero, bugun ekilgan har bir ko‘chat — ertangi kunning yashil nafasi, musaffo havosi va obod kelajagiga qo‘yilgan munosib hissadir!