“KELAJAK UCHUN” FORUMI — ISTIQBOLLI TASHABBUSLAR UCHUN OCHIQ MAYDON

Mamlakatni bilimli, fidoyi va shijoatli insonlar rivojlantiradi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohot va rejalar xalqimizning talab va takliflariga tayangan holda hayotga tatbiq etilmoqda.

Aynan shu maqsadda “Kelajak uchun” forumi tashkil etilib, u soha va hududlarni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslar yo‘llanadigan ochiq muloqot maydoni sifatida faoliyat yuritadi. Forumning asosiy vazifasi — jamoatchilikni islohotlarga keng jalb etish, aholi takliflarini yuzaga chiqarish va islohotlarning xalqchilligini ta’minlashdan iborat.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi
“Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘tkaziladi. Mazkur jarayon doirasida mas’ul tashkilotlar hamkorligida tizim yo‘lga qo‘yilib, kelajakuchun.gov.uz kraud-platformasi ishga tushirildi.

Forum 3 bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich.
Tashabbuskorlar, shu jumladan xorijdagi vatandoshlar kelajakuchun.gov.uz platformasida One-ID orqali ro‘yxatdan o‘tib, 5 ta ustuvor yo‘nalishdan birini tanlaydi hamda o‘z taklif va loyihalarini taqdim etadi. Har bir fuqaro 5 tagacha tashabbus yo‘llashi yoki jamoa bo‘lib ishtirok etishi mumkin.

2-bosqich.
Yo‘llangan tashabbuslar ekspertlar tomonidan tahlil qilinadi, ularning tavsiyalari asosida takomillashtiriladi va eng muhim deb topilgan g‘oyalar keyingi bosqichga saralanadi.

3-bosqich.
Mualliflar o‘z tashabbuslarini Mentorlar kengashi ekspertlariga taqdim etadi. Muhokamalar yakunida tashabbuslar “Top–50” va “Top–10” shaklida saralanadi.

Forumning yakuniy bosqichi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. O‘tkazilish sanasi va manzili haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

G‘olib deb topilgan 10 ta eng ilg‘or tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi. Ma’qullangan loyihalar amaliyotga joriy qilinib, ularning mualliflari moddiy rag‘batlantiriladi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Tanlangan tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirish jarayoniga Biznesni rivojlantirish banki, boshqa tijorat banklari hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari yo‘naltiriladi. Forum doirasidagi barcha jarayonlar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Forumda qatnashing va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun o‘z tashabbusingizni bildiring!
Balki aynan Sizning g‘oyangiz eng ilg‘or tashabbus sifatida e’tirof etilar.